Главная » 2017 » Aprel » 12 » Yoritish uskunalarining turlari
23:35
Yoritish uskunalarining turlari

  Hozirgi kunda televidenie, kino va teatrlarda tasvirga olish jarayonlarini maxsus yoritish uskunalarisiz tasavvur etish qiyini. Xoh studiyada, xoh tashqarida tasvirga olish ishlari olib borilsin, maxsus yoritish uskunalari doimo yorituvchilarga yordamga keladi. Hozirda bir qancha firma-kompaniyalar turli xildagi yoritish uskunalarini ishlab chiqarmoqdalar. Yoritish uskunalari ishlatilish sohalariga ko’ra shartli ravishda uchga bo’linadi. Bular yoyib beruvchi, yo’naltirilgan va maxsus effekt chiroqlari.

Barcha yoritish uskunalaridan o’z o’rnida va oqilona foydalanish, tasvirga tushirilayotgan barcha ko’rsatuv, konsert dasturlarining sifatli chiqishini ta’minlaydi.

Yoyib beruvchi yoritish uskunalari

Ushbu yoritish uskunalari o’z nomidan kelib chiqqan xolda chiqayotgan yorug’likni yoyib beradi. Bu yoritish uskunalaridan katta maydonni bir tekisda yoritishda foydalaniladi. Bu yoritish uskunalari ikki xil ko’rinishda ishlab chiqariladi: simmetrik va assimmetrik. Simmetrik turdagilardan yuqorida aytib o’tilganidek, katta maydonni bir tekisda yoritishda keng foydalaniladi. Assimmetrik, ya’ni, simmetrik bo’lmagan turlaridan ko’p xollarda dekoratsiya elementlari va orqa fon matolarini yoritishda foydalaniladi.

Ushbu yoritish uskunalarida 100Vt dan 1000Vt gacha bo’lgan galogen lampalar qo’llaniladi. Ular maxsus nur qaytargichlarning (otrajatel) markaziga o’rnatiladi. Bu orqali lampadan chiqayotgan nur oqimining 20-50% ortishiga erishiladi.

Yoritish uskunasi korpusi list shaklidagi po’latdan tayyorlanadi. Korpus yoritish uskunasi yuqori darajada issiqlik xosil bo’lishi uchun maxsus ventilyasiya darchalari bilan ham jixozlanadi.

Selecon kompaniyasining “Aurora” yoyib beruchi yoritish uskunasi

 

Yo’naltirilgan yoritish uskunalari

Ushbu turdagi yoritish uskunalaridan ko’rsatuv ishtirokchilari, saxnadagi aktyorlar va dekoratsiya elementlarida yo’naltirilgan yorug’lik xosil qilish uchun foydalaniladi. Bu yoritish uskunalari projektorlar deb ham yuritiladi. Bunda manbadan chiqayotgan yorug’likni optik linza yordamida bir nuqtaga yig’ish imkoniyati mavjud. Optik linza sifatida ko’p xollarda Frenel linzalari qo’llaniladi.

Yoritish uskunasi lampa, parabolik nur qaytaruvchi (otrajatel), fokus mexanizmlariga ega. Lampaning optik o’qdan siljishi yorug’lik nurining kengligiga ta’sir qiladi va aynan shu yo’naltirilgan yoritish uskunalarining asosiy muhim jixati hisoblanadi.

Bu yoritish uskunalarida manba sifatida 500Vt dan 5000Vt gacha bo’lgan galogen lampalar qo’llaniladi.

Profil va kuzatib boruvchi (yorug’lik pushkalari) yoritish uskunalari ham projektorlar turiga mansub hisoblanadi.

 

Spotlight kompaniyasining “Combi” yo’naltirilgan yoritish uskunasi

 

Profil yoritish uskunalari

Ushbu yoritish uskunalaridan keng imkoniyatlari sabab yorituvchi xodimlar tomonidan keng foydalaniladi.

Profil yoritish uskunalarining o’ziga xos tomoni shundaki, korpusda o’rnatilgan maxsus turdagi to’suvchilar va diafragma yordamida chiqayotgan yorug’lik nuriga shakl berish mumkin bo’ladi. Chiqayotgan yorug’lik nuriga to’g’ri to’rtburchak, trapetsiya, doira, yarim doira, uchburchak kabi shakllarini berish imkoniyatlari mavjud.

Bundan tashqari yoritish uskunasining old qismiga maxsus gobolar ham o’rnatish mumkin. Gobo – bu oyna yoki metall plastinaga chizilgan rasm yoki shakl. Gobolar ko’p firmalar tomonidan keng ishlab chiqariladi yoki zarur shakllarni ham buyurtma qilish mumkin.

 

ETC kompaniyasining “Source Four Zoom” profil yoritish uskunasi

 

Kuzatib boruvchi yoritish uskunalari (yorug’lik pushkalari)

Ushbu yoritish uskunalarining vazifasi – asosiy xonanda yoki aktyorni belgilash, yorug’lik orqali urg’u berishdan iborat. Bu yoritish uskunalariga qo’yiladigan bir nechta talablar mavjud. Birinchidan, yorug’lik nuri doimo asosiy qahramon yoki xonandada bo’lishi uchun yoritish uskunasining o’zida qulay boshqarish imkoniyati mavjud bo’lishi lozim. Ikkinchidan, yuqori yorug’lik oqimiga erishish uchun katta quvvatli gazrazryad tipdagi lampalardan foydalanish talab etiladi (taxminan 1-2kVt).

Hozirgi kunda zamonaviy kuzatib boruvchi yoritish uskunalari yorug’lik oqimini boshqaruvchi, rang va rang xaroratini o’zgartiruvchi tizimlarga ega.

Robert Juliat firmasining “Aledin” kuzatib boruvchi yoritish uskunasi

 

Maxsus effekt chiroqlari (Движущиеся головы, Заливки)

Studiya yoki teatr saxnalarini badiiy bezashda, turli effektlarni xosil qilishda ushbu turdagi yoritish uskunalarining o’rni beqiyosdir. Ushbu maxsus yoritish chiroqlarini saxnaning barcha nuqtalariga yo’naltirish mumkin. U vertikal va gorizontal xolatlarda aylanib, aylanish darajasi 270 º dan  360º gacha yetadi.

Yoritish uskunalarining tarkibiga bir nechta ranglar, gobolar kiritilgan bo’ladi. Bulardan tashqari bu yoritish chiroqlari yordamida stroboskop effektini ham hosil qilish mumkin. Manba sifatida gazrazryadli lampalar qo’llaniladi.

Yana xuddi shunday funksiyalarga ega bo’lgan yoritish uskunalari ham borki, ular faqat rangni o’zgartirish imkonini beradi. Ularni saxnani turli xil ranglar bilan bezashda ishlatish mumkin. Bunga misol qilib Robe firmasining Robin 1200 LED yoritish uskunasini keltirish mumkin. Ushbu yoritish uskunasi LED texnologiyasiga asoslangan. Quvvati uncha katta bo’lmasligiga qaramasdan katta sahnalarni rangli bezashda ko’mak beradi.

 

Robe firmasining ColorWash maxsus effekt chirog’i   

Robe firmasining Robin1200 maxsus effekt chirog’i

  

Bo'lim: Sohaga oid ma'lumotlar | Ko'rilgan: 3873 | Joyladi: akmalbayzakov | Teglar: yoritish uskunasi | Reyting: 0.0/0

O'xshash maqolalar

Barcha izohlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *:

Ushbu sayt ucoz.ru tizimida yaratilgan.