Главная » 2017 » Aprel » 12 » Metall o’tkazgichlarda elektr toki
00:41
Metall o’tkazgichlarda elektr toki


Shu vaqtgacha biz elektr tokini elektr maydon ta’sirida elektr zaryadlarning tartibli harakati tarzida qaradik. Lekin biz hozircha qaysi zaryadlar (musbat yoki manfiy) harakatlanishi va qanday harakatlanishini aniqlaganimiz yo’q. Endi ana shu savollarga ham javob topish vaqti keldi. Buning uchun avval metall o’tkazgichlarning ichki tuzilishini bilib olish zarur.
1. Metallarning tuzilishi. Istalgan metalldagi valent elektronlarning bir qismi atomdagi o’z o’rnini tashlab ketishi aniqlangan. Natijada atom musbat ionga aylanadi.
Metallardagi musbat ionlar qat’iy tartibda joylashib, metallning asosini tashkil etadi. Ular orasida esa erkin (ya’ni atomni tark etgan) elektronlar tartibsiz (xaotik) harakatlanadi (36- rasm). 37-rasmda bitta elektronning juda kichik vaqt oralig’idagi harakat trayektoriyasi ko’rsatilgan.


2. Metall o’tkazgichlarda elektr maydon ta’sirida qanday elektr zaryadlar harakatlanadi? Musbat ionlar o’tkazgichning asosini tashkil etgani, o’tkazgich esa qo’zg’almas bo’lgani uchun musbat ionlar elektr maydon ta’sirida ham harakatlana olmasligi o’z-о zidan ravshan. Ehtimol, elektr maydon ta’sirida erkin elektronlar harakatlanar?
Bizning bu farazimiz isbotlashni talab qiladi. Fizikada eng ishonchli isbot tajribadir. Nemis fizigi Каr1 Rikke 1899-yilda quyidagicha tajriba o’tkazdi. U silindr shaklidagi uchta metallni bir-biriga zich qilib ketma-ket joylashtirdi. Silindrlarning ikki chetdagisi misdan, o’rtadagisi esa aluminiydan yasalgan edi (38- rasm). Shu silindrlar orqali kuchli elektr toki bir yildan ortiq vaqt o’tib turdi. Mis va aluminiy silindrlarning bir-biriga tegib turgan joyini sinchiklab tekshirib, Rikke misda aluminiyning, aluminiyda esa misning ionlarini topa olmadi. Shunday qilib, Rikke o’tkazgichdan elektr toki o’tganda ionlar ko’chmasligini tajribada isbotladi. Demak, faqat elektronlargina ko’char ekan. Shunday qilib, metall o’tkazgichlarda elektr toki elektronlarning harakati tufayli vujudga kelar ekan.


3. Metall o’tkazgichlarda elektronlar qanday harakatlanadi? Shunday qilib, metall o’tkazgichlarda erkin elektronlar harakat qilar ekan. Endi ular qanday harakatlanishini aniqlab olaylik.
Agar o’tkazgichda elektr maydon bo’lmasa, elektronlar xaotik (tartibsiz) harakatlanadi (36- rasmga qarang). Har onda turli elektronlaming tezliklari turlicha kattalikda va har xil yo’nalishda bo’ladi. Agar o’tkazgichda elektr maydon vujudga keltirilsa, elektronlarning harakati tartibsizligicha qolgani holda elektr maydon ta’sirida bir oz tartibga tushadi: elektronlar manbaning manfiy qutbidan musbat qutbiga tomon harakatlanib, elektr toki hosil qiladi. 39-rasmda bitta elektronning elektr maydon ta’siridagi harakat trayektoriyasi sxematik tarzda ko’rsatilgan. Elektronlarning xaotik harakatiga elektr maydon ta’siri ostida manbaning musbat qutbiga yo’nalgan tartibli harakati “qo’shiladi”.


Bu mavzuda sizlar bilib olgan narsalarning hammasi quyidagi juda muhim xulosani chiqarishga imkon beradi:
Metall o’tkazgichlardagi elektr toki manbaning elektr maydoni ta’sirida elektronlarning tartibli harakatidan iborat.

 

Manba: Fizika 7-sinf o'quv qo'llanmasi
Ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 2002

Bo'lim: Fizika | Ko'rilgan: 9837 | Joyladi: akmalbayzakov | Teglar: Tok, elektronlar, elektr, elektr toki | Reyting: 0.0/0

O'xshash maqolalar

Barcha izohlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *:

Ushbu sayt ucoz.ru tizimida yaratilgan.