Главная » 2017 » Aprel » 12 » Elektr maydon
00:38
Elektr maydon

Siz bir xil ishorali zaryad bilan elektrlangan jismlar bir-birini itarishini, turli ishorali zaryad bilan elektrlangan jismlar esa bir-birini tortishini bilasiz. Ammo zaryadlangan bir jismning ta’siri boshqa jismga qanday uzatiladi? Bu savolga javob berish uchun elektrlangan jismlarning atrofida ularning o’zaro ta’sirini ta’minlovchi biror narsa bor deb faraz qilamiz. Bu “biror narsa”ni nomlash uchun ingliz fizigi Maykl Faradey elektr maydon atamasini kiritdi.
Inson elektr maydonni bevosita ko’ra olmaydi, maydonning mavjudligi to’g’risida uning ta’siriga qarab fikr yuritishi mumkin.
Toza yuvilgan va quritilgan shisha plastina ustiga zaryadlangan metall sharchani joylashtiramiz. Shisha sirtiga mayda qirqilgan soch tolalarini sepib, shishani bir necha marta chertamiz. Bunda soch qiyqimlari 19- a rasmda ko’rsatilganidek joylashib qoladi.


Tajribani o’zgartiramiz: bir xil ishorali elektrlangan ikkita sharchani shisha plastinaga bir-biridan ma’lum bir masofaga qo’yib, shishaga mayda qirqilgan soch tolalarini sepib qo’yamiz. Soch qiyqimlari 19- b rasmda ko’rsatilgandek joylashadi.
Tajribani yana o’zgartiramiz: sharchalardan birini musbat zaryadlangan shar bilan, ikkinchisini manfiy zaryadlangan shar bilan tutashtiramiz. Soch qiyqimlari 19- d rasmda ko’rsatilganidek joylashadi.
Bu tajribalarda biz elektr maydonning o’ziga xos manzaralarini hosil qildik. Soch qiyqimlarining joylashishi biz bor deb faraz qilayotgan elektr maydon haqiqatan ham mavjud ekanligidan dalolal beradi. Yengil dielektrik buyumlar (masalan, kalta qirqilgan soch tolalari) joylashgan chiziqlar elektr maydon kuch chiziqlari deb ataladi. Elektr maydon kuch chiziqlari musbat zaryadlangan jismlarda boshlanib, manfiy zaryadlangan jismlarda tugaydi deb hisoblashga kelishilgan.
O’tkazilgan tajribalar shuni ko’rsatadiki, elektr maydon unga kiritilgan elektrlangan jismlarga ma’lum bir kuch bilan ta’sir ko’rsatadi.
Bundan lashqari, elektr maydon energiyaga ham ega. Bunga quyidagi tajribalardan ishonch hosil qilish mumkin.
Biror sharchani izolyatsiyalangan shtativga o’rnatilgan metall sterjenga osamiz (20- rasm). Sterjen va sharchani elektrlab, sharcha sterjendan og’ishini va biror h balandlikka ko’tarilishini ko’ramiz. Lekin ko’tarilgan har bir jism potensial energiyaga ega bo’ladi. Sharchada bunday energiya qayoqdan paydo boladi? Javob faqat bitta bo’lishi mumkin: bu energiyaga elektr maydon ega bo’lgan. Tajriba davomida elektr maydon energiyasi mexanik energiyaga аylangan.


Zaryadlangan kondensatorga elektr lampacha ulaymiz. Lampacha charaqlab yonadi. Bunda kondensatorning elektr maydon energiyasi ichki energiyaga, (lampacha tolasi qiziydi) va yorug’likka aylanadi. O’tkazilgan tajriba fotosuratchilar foydalanadigan chaqnaydigan lampada yuz beradigan hodisaga o’xshaydi: fotosuratchi suratga olish paytida lampani zaryadlangan kondensatorga ulaydi. Fotoapparat tugmasi bosilgan zahoti lampa avtomatik tarzda charaqlab yonadi.
Elektr maydonning haqiqatan ham mavjudligini tasdiqlovchi yana bitta tajriba o’tkazamiz. Organik shisha (pleksiglaz) plastinasini mo’ynaga (yoki qog’ozga) ishqalab elektrlaymiz. Agar plastina ustida siyraklashtirilgan gazli nay (yoki quvvati kichik bo’lgan kunduzgi yorug’lik lampasi) tez harakatlantirilsa, qorong’ida naydagi gaz yorishishini ko’rish mumkin.
Juda muhim xulosa. Elektrlangan jismlar elektr maydon bilan o’ralgan. Bu jismlarning o’zaro ta’siri elektr maydon orqali amalga oshiriladi.
Elektroskopga elektrlangan jismni sekin yaqinlashtirib, elektrlangan jismdan ma’lum masofadayoq elektrometr strelkasi nol bo’limdan og’ishini ko’rish mumkin. Bu hol elektroskop zaryadlangan jismning elektr maydonini „payqashi"dan dalolat beradi. Demak, elektroskopdan elektr maydonni aniqlash uchun ham foydalanish mumkin ekan.

 

Manba: Fizika 7-sinf o'quv qo'llanmasi
Ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 2002

Bo'lim: Fizika | Ko'rilgan: 2777 | Joyladi: akmalbayzakov | Teglar: Tok, elektronlar, maydon, elektr toki | Reyting: 0.0/0

O'xshash maqolalar

Barcha izohlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *:

Ushbu sayt ucoz.ru tizimida yaratilgan.