DMX512 protokoli birinchi bo’lib 1986 yilda USITT (United States Institute of Theatre Technology) a’zolari tomonidan yaratilgan. DMX512 protokoli raqamli tizim hisoblanib, standart interfeys orqali dimmer kanallarini boshqaruv pultlari yordamida boshqarish uchun xizmat qiladi.
Ushbu protokol ishlab chiqilmasidan avval dimmer orqali boshqarish har bir uskuna uchun alohida kabel tortilib, kuchlanish orqali boshqarilgan yoki turli hil raqamli va multipleksor analog tizimlardan foydalanilgan.
Analog tizim, ya’ni har bir kanalni alohida kabel orqali boshqarish yagona standartga ega bo’lmaganligi sabab o’ta murakkab, noqulay, iqtisodiy jihatdan qimmat hisoblangan. Bir firmaning dimmer qurilmasini boshqa firma boshqaruv pultiga ulash uchun maxsus adapterlar bilan bir qatorda, kuchaytirgichlar va kuchlanish invertorlari talab qilingan.
Hozirgi kunda yuqorida keltirilgan jarayonlar DMX protokolidan foydalanilish sabab ancha yengillashdi.
Albatta DMX512 protokoli kamchiliklardan xoli emas. Shunga qaramay ushbu protokol keng tarqalgan.
DMX protokolining ishlash prinsipi sodda tuzilgan bo’lib, ko’p sonli ishlab chiqaruvchi korxonalar ushbu tizimni qo’llab quvvatlaydigan qurilmalarni ishlab chiqarishlariga qaratilgan. Tizimning soddaligi ishlab chiqaruvchi korxonalarni qiziqishiga sabab bo’lgan, shu bilan birga foydalanuvchi uchun ham katta miqdordagi mablag’ni talab etmaydi.
DMX protokolining asosini maxsus kodlar ketma-ketligi tashkil etadi. Har bir kod – bu ma’lum vaqt oralig’ida uzatilib (DMX512 uchun 4 mikrosekund), bit deb ataladigan signalning past va yuqori sathlari ketma-ketligidan iborat (0, 1).
DMX512 ning barcha kodlari yig’indisi 8 bitni tashkil etadi. 8 bit – 1 bayt deb nomlanadi. 1 bayt 0 dan 255 gacha bo’lgan turli kodlarni o’zida aks ettira oladi. Uzatiladigan ma’lumotning boshlanishini aniqlash uchun unga yana 3 bit qo’shiladi – boshlang’ich (mantiqiy 0) va ikkita tugallanish (mantiqiy 1).
Uzatuvchi qurilma 1 bayt ma’lumot yuborish uchun boshlang’ich baytni (0) jo’natadi va shu orqali qabul qiluvchi qurilmaga ma’lumot almashinuv boshlanganini bildiradi. Qabul qiluvchi qurilma esa o’z navbatida 4 µs interval bilan 8 bit ma’lumot kelishini sanaydi. Shundan so’ng tarmoqni skanerlab so’ngi tugallanish signali (1,1) kelishini kutadi. Tugallanish signali qabul qilingandan so’ng tarmoq kutish rejimiga o’tadi.
DMX512 protokoli umumiy hisobda 512 kanal bilan ishlashi mumkin. 512 tadan ortiq kanal bilan ishlash tavsiya etilmaydi. Shu o’rinda ta’kidlash kerakki, kanal tushunchasini alohida uskuna yoki dimmer kanali bilan adashtirmaslik lozim. Chunki, bir dona uskuna funksiyalariga qarab bir va undan ortiq kanallarni talab qilishi mumkin.
DMX512 protokolida uskunalarni tarmoqqa ulash maksimal uzunligi 1 km ga teng. Lekin, amaliy jihatdan tarmoqning stabilligini oshirish maqsadida uzunlikni 500 m dan oshirmaslik va signal kuchaytirgichlari qo’yish tavsiya etiladi.
Ma’lumotlar uzatish uchun 3 yoki 5 kontaktli, XLR raz’yomli kabellardan foydalaniladi.
|