Главная » 2017 » Aprel » 12 » Xonadon elektr zanjiridagi ulashlar
23:59
Xonadon elektr zanjiridagi ulashlar

Xonadon elektr zanjirining tarmoqqa ulanishi
Elektr simyog’ochlarda eng kami bilan ikkita sim bo’lishi mumkin. Bu simlardan biri neytraldir. Neytral sim ayrim simyog’ochlar orqali yerga ulangan bo’ladi.
Simyog’och simlarining eng pastdagisi neytral bo’ladi.
Aytaylik, simyog’ochdagi simlar soni to’rtta (103- rasm). Pastdagi neytral 0-sim bilan boshqa uchtasining har biri orasidagi kuchlanish 220 V ga teng. Shuning uchun har bir xonadonning bitta simi neytral simga, ikkinchisi esa boshqa simlardan biriga ulanadi. Masalan, I xonadon 0 va 1 simga, II xonadan 0 va 2 simga, III xonadon 0 va 3 simga ulanadi. Shunday ulanishda har bir xonadondagi elektr kuchlanish 220 V dan bo’ladi. Agar yanglishib, xonadonning elektr zanjiri 1 va 2 sim, 2 va 3 sim yoki 1 va 3 simga ulab qo’yilsa, bu xonadonda tarmoqqa ulangan elektr asboblari shu zahoti kuyadi. Chunki, simyog’ochdagi bunday tartibdagi simlar orasidagi kuchlanish 380 V ni tashkil etadi.

Kuchlanishning bor-yo’qligini aniqlash
O’tkazgichlarda, elektr asboblarda elektr kuchlanish bor-yo’qligini aniqlash, o’tkazgichlardan qaysi biri neytral ekanligini bilish uchun turli asboblardan foydalaniladi. Ulardan eng oddiysi otvyortka-sezgichdir (104- rasm).

Otvyortka-sezgichning ko’rinishi oddiy otvyortkaga o’xshash. Uning o’rtasiga 0,5-1V kuchlanishda yonadigan neon lampochka (1) o’rnatilgan. Lampochkaning bir tomoni otvyortka-sezgichning uchiga (2), ikkinchi tomoni esa uning dastasi oxiriga (3) ulangan.
O’tkazgichda kuchlanish bor-yo’qligini aniqlash uchun otvyortka-sezgich dastasi oxiriga ko’rsatkich barmoqni qo’yib, uchi o’tkazgichga tekkiziladi. Agar o’tkazgichda kuchlanish bo’lsa, otvyortka-sezgichdagi lampochka yonadi. Bunda o’tkazgich-lampochka-odam zanjiri orqali tok o’tib, lampochka yonadi. Lampochkaga ketma-ket katta qarshilik ulangan bo’ladi. Shuning uchun lampochka va odamdagi kuchlanish 0,5-1V ni tashkil etadi. Bunday kuchlanish lampochkaning yonishiga yetarlidir.
Agar tekshirilayotgan o’tkazgichda kuchlanish bo’lmasa, otvyortka-sezgichdagi lampochka yonmaydi.
Vilka va rozetkani ulash
Ko’chadagi simyog’ochdan xonadon elektr zanjiriga ulangan simlardan biri neytral, ikkinchisida esa kuchlanish mavjud. Kuchlanishli sim bilan neytral sim orasidagi kuchlanish 220 V ga teng bo’ladi. Xonadon elektr zanjiriga ulangan bu ikkita sim xonadonning barcha qismida o’zaro yonma-yon va parallel bo’ladi. Bu simlar hech bir joyda bir-biriga bevosita ulanib qolmagan bo’lishi kerak.
Xonadondagi barcha elektr asboblarning bitta simi zanjirning kuchlanishli simiga, ikkinchisi esa neytral simga ulanadi. Elektr asboblar xonadon elektr zanjiriga to’g’ridan to’g’ri emas, balki vilka va rozetka orqali ulanadi. Elektr asbobdan chiqqan shnur ichida bir-biridan izolatsiyalangan ikkita o’tkazgich (sim) mavjud. Shnur uchi vilkaga ulangan. Ko’p hollarda vilka va shnur birgalikda bo’ladi. Ayrim hollarda vilka shnurga vintlar yordamida mahkamlanadi. Buning uchun shnurdagi har bir o’tkazgich uchidan 10-15 mm uzunlikdagi izolatsiyasi tozalanadi. So’ngra izolatsiyadan tozalangan o’tkazgichlar uchi halqa qilib buraladi va vintlar yordamida vilkaga mahkamlanadi.
Imkoni bo’lsa halqa shaklida buralgan o’tkazgichlar uchi kavsharlagich bilan kavsharlab qo’yilishi lozim.
Rozetkani ulashdan avval xonadondagi elektr simlar tarmoqdan uzilishi shart. Bu ish elektr hisoblagichda amalga oshiriladi. Rozetkani ulashga kirishish uchun o’tkazgichlarning uchlari izolatsiyadan tozalab, halqa shakliga keltiriladi. So’ngra vintlar halqa ichiga kirgizilib, rozetkaga buraladi. O’tkazgichlarga ulangan rozetka tegishli joyga mahkamlab qo’yiladi.
Ba’zi hollarda elektr asboblari rozetkaga uzaytirgich orqali ulanadi. Uzaytirgichning bir uchi vilkali bo’lsa, ikkinchi uchi rozetka vazifasini o’taydi. Uzaytirgichning ikkinchi uchi bir emas, balki bir nechta rozetkali bo’lishi mumkin.
Patron va vklyuchatelni ulash
Patronni ulash uchun ikkala o’tkazgich uchlari izolatsiyadan tozalanadi. Patronning 1-qismini burab, u 2-qismidan ajratiladi (108- rasm). O’tkazgichning uchlari patronning ichidagi 3-qismiga vintlar bilan mahkamlanadi. So’ngra patronning 3-qismini joyiga o’rnatib, 1-qism 2-qismga burab mahkamlanadi.
Vilka, rozetka va patronni ulashda qaysi o’tkazgich neytral, qaysinisida kuchlanish bo’lishiga e’tibor berilmaydi. Lekin vklyuchatelni ulashda bunga ahamiyat beriladi.

Vklyuchatel, asosan, elektr lampochkani yoqib-o’chirishda qo’llaniladi. Agar lampochkaga ulangan o’tkazgichlardan biri uzib qo’yilsa, lampochka o’chadi. Vklyuchatel ana shu uzib-ulash vazifasini bajaradi. Vklyuchatelni lampochkaga boradigan kuchlanishli o’tkazgichga ham, neyrtal o’tkazgichga ham ulasa bo’ladi. Lekin vklyuchatelni lampochkaga boradigan kuchlanishli o’tkazgichga ulash maqsadga muvofiq. Shunday ulanganda vklyuchatel o’chirilganda lampochkada kuchlanish bo’lmaydi.
Vklyuchatelni ulash uchun avval xonadon elektr zanjiridagi ikkala saqlagichni olib tashlab, xonadonga kelayotgan kuchlanish umumiy tarmoqdan uziladi. So’ngra lampochkaga borayotgan kuchlanishli o’tkazgich kesiladi. Kesilgan o’tkazgichning ikkala uchi izolatsiyadan tozalanib, ular vklyuchatelning tegishli ikki joyiga vintlar bilan mahkamlanadi. Shundan keyin vklyuchatel devorga o’rnatiladi.
Vilka, rozetka, patron va vklyuchatelni ulashda ikki o’tkazgichning izolatsiyadan tozalangan qismlari bir-biriga tegib qolishiga yo’l qo’ymaslik darkor. Aks holda, qisqa tutashuv ro’y beradi. Bunday ishlarni bajarishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilinishi shart.

Manba: Fizika o’quv darslik
«O’zbekiston milliy ensiklopediyasi»
Davlat ilmiy nashriyoti. T. 2010

Bo'lim: Fizika | Ko'rilgan: 4291 | Joyladi: akmalbayzakov | Reyting: 0.0/0

O'xshash maqolalar

Barcha izohlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *:

Ushbu sayt ucoz.ru tizimida yaratilgan.