Главная » 2017 » Aprel » 12 » Tovush xarakteristikalari
00:36
Tovush xarakteristikalari

Sizni turli manbalardan chiqadigan tovushlarning bir-biridan farq qilishiga ishontirishga urinib o’tirishimizning hojati yo’q. Masalan, rubob (yoki torli boshqa musiqa asbobi)ning har bir toridan chiqadigan tovush boshqa torlarning tovushidan farq qiladi. Hatto turli ruboblardagi bir xil torlarning beradigan tovushlari ham bir-biridan biroz bo’lsa ham farq qiladi. Dutordan chiqayotgan tovushni tamburdan chiqayotgan tovush bilan, nog’oradan chiqayotgan tovushni g’ijjak tovushi bilan almashtirib yuborish juda qiyin.
Наr birimiz bir xil so’zni aytganimizda, ular turlicha tovush bilan jaranglashini yaxshi bilamiz. O’z onamizning ovozini (ya’ni tovushini) boshqa minglab xotin-qizlarning ovozidan farqlab,
tanib olamiz.
Bularning hammasi tovushni baholashga imkon beradigan qandaydir kattaliklarni kiritishni taqozo qiladi.
1. Tovushning qattiqligi. Siz tovushning qattiq yoki sust bo’lishini bilasiz. Lekin tovushning qattiqligi nimaga bog’liq? Bu savolga javob berish uchun kamerton olib, uning bir shoxiga yengil igna o’rnatib (masalan, na’matakning yoki atirgulning tikanini yelim bilan yopishtirib qo’yib), kamertonni tovush chiqarishga majbur etamiz. Buning uchun kamerton shoxiga rezina bolg’acha bilan ohista urib qo’yamiz. Kamerton oldin qattiq, so’ng esa borgan sari pasayib boruvchi tovush chiqaradi. Nega bunday bo’ladi? Bu savolga javob berish uchun tajribani takrorlaymiz va ignani qorakuya surtilgan shisha bo’ylab yurgizamiz. Shishada qolgan izdan qo’yilgan savolga javob olamiz (118- rasm). Bunda kamerton shoxlarining tebranishidagi eng katta chetlanish sekin-asta kamaya borganini ko’ramiz.


Tovushning qattiqligi, tajribadan ma’lum bo’lishicha, kamerton shoxlarining tebranishidagi eng katta chetlanishga bog’liq ekan. Jismning tebranishidagi eng katta chetlanish fizikada amplituda (lotincha «amplitudo» — ko’lamdor so’zidan olingan) deb ataladi.
Shunday qilib, tovush qattiqligi tovush chiqaruvchi jismning tebranish amplitudasi bilan aniqlanadi, deb xulosa qilish mumkin.
Tovushning qattiqlik birligi uchun telefonni ixtiro qilgan amerikalik olim Aleksandr Bell sharafiga bel (B) deb nom berilgan.
Odam qulog’i eshitadigan tovushning juda sustidan tortib, to quloqda og’riq uyg’otadigan darajagacha bo’lgan qattiqligini 0 dan 130 bo’lakka bo’lib, uning bir bo’lagini detsibel (dB) deb atalgan. Detsibel belning 0,1 qismiga teng: 1 dB=0,l В.
119-rasmda turli manbalar beradigan juda kuchli bo’lgan reaktiv samolyot tovushidan tortib to shivirlab gazeta o’qishda chiqadigan tovushgacha bo’lgan tovush qattiqliklarining diagrammasi keltirilgan.


2. Tovushning balandligi. Siz tovushning baland yoki past bo’lishini hayotiy tajribangizdan yaxshi bilasiz. Tovushning bu xossasini (xarakteristikasini) chuqurroq o’rganish uchun tovush generatori, radiokarnay, ossillograf va mikrofon kerak bo’ladi. Tovush generatoriga radiokarnay, ossillografga esa mikrofon ulaymiz.
Asboblarni ulab, radiokarnay chiqarayotgan tovushni eshitamiz, ekranda esa mikrofon qabul qilayotgan tovushning ossillogrammasini ko’ramiz. Generator yordamida tovush chastotasini o’zgartirib, tovushning balandligi o’zgarganini eshitamiz, ekranda esa mikrofondagi tovush chastotasi ham o’zgarganini ko’ramiz.
Bu tajriba yordamida biz tovush balandligining tebranish chastotasiga bog’liq ekanligiga ishonch hosil qildik. Tovush chastotasi qanchalik katta bo’lsa, u shunchalik baland va aksincha, chastotasi qanchalik kichik bo’lsa, tovush shunchalik past bo’lar ekan.
Musiqa asboblari chiqaradigan tovush chastotasi taxminan sekundiga 17 ta tebranishdan to 4000 ta tebranishgacha bo’ladi.
Shuni aytib o’tish kerakki, inson tovushi chastotasining diapazoni sekundiga 70 tadan to 10000-12000 tagacha tebranishlar oralig’ida bo’ladi.
Demak, tovushning balandligi uning chastotasiga bog’liq ekan, ya’ni tovush chastotasi qancha katta bo’lsa, tovush shuncha yuqori bo’ladi va aksincha, chastota qancha kichik bo’lsa, tovush shuncha past bo’ladi.
3. Tovush tembri. Tovushning bu xossasi bizga turli asboblardan tarqalayotgan bir xil balandlik va qattiqlikdagi tovushlarni farqlashga imkon beradi. Bir xil chastotaga va qattiqlikka ega bo’lgan birgina tovush turli musiqa asboblarida turli xil ovozda chiqadi. Xuddi shuningdek, turli qo’shiq aytuvchilar tomonidan chiqarilgan birgina tovush turli xil ovozga ega bo’ladi. Tovushlar o’z «rangi» bilan farq qiladi. Dunyoda juda ko’p skripkalar yaratilgan va ular turli-tuman ovoz chiqaradi. Ayniqsa, italiyalik ustalar A. Stradivari, J. Gvarnerilarning yasagan skripkalari chiroyli tovushlar chiqarganligi bilan jahonga dong’i ketgan. Shu kungacha yoqimli tovush chiqarishi bo’yicha u skripkalardan o’tadigani bo’lmagan. Har bir insonning tovushi, har bir musiqa asbobidan chiqqan tovush kabi qaytarilmas bo’ladi. Tembr tovush manbalarining xususiy, o’ziga xos xossalari bilan bog’liq.
Tovush tembri — bu tovushning uning manbaiga xos bo’lgan ohangidir.
4. Tovush va salomatlik. Shuni aytib o’tish kerakki, inson organizmi tovushga befarq emas. Qattiq tovushlar, ayniqsa, uzoq davom etadigan bo’lsa, salomatlikka tuzatib bo’lmaydigan ziyon yetkazadi.
To’g’ri, qattiq tovushlarga, shovqinga o’rganib qolish mumkin, albatta. Poyezd taraq-turuqlarini, yuk mashinalarining guvillashlarini, qo’shni xonadondagi magnitofonning qattiq ovozini sezmaslikka o’rganish mumkin. Lekin gap shundaki, shovqin oqibatlari asta-sekin organizmda to’planishi natijasida shovqin kasalligi deb ataluvchi kasallik paydo bo’lishi va уomon eshitishlik, tezda toliqib qolishlik, tunda yomon uxlashlik, tezda asabiylashish va hokazolarga olib kelishi mumkin.
Insonni zararli ta’sir ko’rsatadigan tovushlardan asrash uchun sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan yashash va jamoat joylarida shovqinning ruxsat etilgan me’yorlari o’rnatilgan. Bu me’yorlarga asosan shovqinning qattiqlik darajasi 30—40 dB dan ortmasligi kerak, bu (osoyishta) tinch suhbat paytida so’zlashishdagi tovushning qattiqlik darajasiga mos keladi.

 

Manba: FIZIKA O'QUV DARSLIGI (6-sinf)
TOSHKENT "O'QITUVCHI" 2001

Bo'lim: Fizika | Ko'rilgan: 6765 | Joyladi: akmalbayzakov | Teglar: tovush | Reyting: 0.0/0

O'xshash maqolalar

Barcha izohlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *:

Ushbu sayt ucoz.ru tizimida yaratilgan.