Luminessensiya (люминесценция). Luminessensiya so‘zi lotincha luminisessent – yorug‘likning kuchsiz ta’siri ma’nosini anglatadi. Luminessensiya deb, ba’zi moddalarning yorug‘lik ta’sirida o‘ziga xos bo‘lgan nurlanish chiqarishiga aytiladi. Bunda modda istalgan: qattiq, suyuq va gaz holatida bo‘lishi mumkin. Luminessensiya jarayonida modda o‘ziga tushayotgan yorug‘likni yutadi va, so‘ngra, tarkibi yutayotganidan farqli nurlanishni chiqaradi. Umuman olganda, luminessensiyaning ba’zi turlari oldinlari ham ma’lum bo‘lgan. Masalan, fluoressensiya – jismni nurlatish to‘xtatilishi bilan to‘xtaydigan, qisqa vaqt ro‘y beradigan nurlanish (nurlanish vaqti 10-8 s) va fosforessensiya – nurlatish to‘xtatilgandan keyin ham ma’lum vaqt davom etadigan nurlanish (nurlanish vaqti 10-8 s dan katta). Lekin nurlanishning qanday ro‘y berishi to‘g‘risidagi ilmiy tushuncha mavjud bo‘lmay, u qanday vujudga keladi va bir-biridan nimasi bilan farq qiladi, degan savollarga aniq javoblar yo‘q edi.
Luminessensiyaning ro‘y berishi. Luminessensiya qonunlarini izlash turli xil empirik qoidalarning yaratilishiga ham olib kelgan.
Bulardan biri G.Stoks qonuni bo‘lib, tajriba natijalari ba’zida bu qonun bilan mos kelmagan.
Luminessensiya jarayonini ham tajribada, ham nazariy ravishda batafsil o‘rganib chiqqan rus fizigi S.I.Vavilov (1891–1951) bu jarayonning haqiqiy qonunlarini yaratishga muyassar bo‘ldi.
Bu qonunlar nafaqat luminessensiya nazariyasining asosi bo‘lib qolmay, uning texnikada keng qo‘llanilishiga ham olib keldi.
Luminessensiya deb, berilgan temperaturada issiqlik nurlanishidan ortiqcha energiya hisobiga ro‘y beradigan nurlanishga aytiladi.
Boshqacha aytganda, moddaga tushgan foton yutiladi. Uning bir qism energiyasi atomning tebranish energiyasiga, ya’ni issiqlik energiyasiga sarflansa, qolgan qismi luminessension nurlanishga sarflanadi.
Luminessensiya ro‘y beradigan moddalar luminoforlar deyiladi.
Luminessensiyaning qo‘llanilishi. Vavilov simobli lampalarning ultrabinafsha nurlanishidan luminoforlar yordamida ko‘zga ko‘rinuvchi yorug‘lik hosil qilishni taklif qildi. Natijada u kunduzgi yorug‘likka o‘xshash yoritish qobiliyatiga ega luminessension lampalarni yaratdi. Past bosimli, simob bug‘lari bilan to‘ldirilgan bunday lampalar devorlariga turli xil luminoforlar qatlamini surtish bilan istalgan rangdagi yorug‘likni hosil qilish mumkin.
Bunday lampalarning foydali ish koeffitsiyenti juda yuqori, xizmat qilish davri ham ancha uzoq. Shuning uchun, bunday lampalar ko‘chalarni, zavod va fabrikalarni, ta’lim muassasalarini, do‘konlarni va boshqa joylarni yoritishda va bezatishda juda keng qo‘llaniladi.
Luminessensiya moddalarni analiz qilishda ham qo‘llaniladi.
Bu usul luminessension analiz deyiladi. Masalan, modda tarkibida juda kam miqdorda luminofor mavjud bo‘lsa ham, uni aniqlash mumkin. Neft qazuvchilar chuqurdan olingan tuproqni luminessension analiz yordamida o‘rganib, neft qatlamigacha qolgan masofani va hattoki neft zaxirasining miqdorini ham aniqlashadi.
Bu usul yordamida shishalarning navi aniqlanadi, biologik obyektlar o‘rganiladi.
Manba: Fizika o'quv darsligi, 2-qism, 6-nashri
«O‘QITUVCHI» NASHRIYOT-MATBAA IJODIY UYI
TOSHKENT–2008
|