Главная » 2017 » Aprel » 12 » Elektrostansiyalar
00:27
Elektrostansiyalar

   Zamonaviy elektrostansiyalar induksion generatorlar yordamida boshqa turdagi energiyalar elektr energiyaga aylantiriladigan ulkan korxonalardir. Amaldagi elektrostansiyalarning asosiy turlarini qarab chiqamiz.


   1. Issiqlik elektrostansiyalari yoqilg’i (ko’mir, neft, mazut, torf, yonilg’i slanetslar, gaz) energiyasini elektr energiyaga aylantiradi. Наг bir issiqlik elektrostansiyalarida yoqilg’ini tayyorlash sexi, qozonxona, bug’ turbina sexi va yordamchi elektr stansiyasi (podstansiya) bo’ladi.
   Yoqilg’ini tayyorlash sexida yoqilg’i uning to’liq yonishini ta’minlash uchun maxsus tayyorgarlikdan o’tkaziladi. Masalan, toshko’mir maxsus qurilmalar yordamida keraksiz aralashmalardan ajratiladi va kukun qilib maydalanadi. Yondirish uchun tayyorlangan yoqilg’i maxsus o’tkazgich quvurlar orqali o’txona (o’choq) va bug’ qozonidan iborat bug’ generatoriga uzatiladi.
   Yoqilg’i yonganida ajraladigan issiqlik qozondagi suvni bug’latish va hosil bo’lgan bug’ni qizdirish uchun sarflanadi. Qozondan olingan bug’ning bosimi 240 atmosferagacha, temperaturasi esa 560°C ga yetadi (bunday temperaturada temir qizaradi).
   Bug’ qozondan bug’ turbinasiga keladi. Turbinaning vali induksion generatorning rotoriga mahkamlangan. Bug’ turbinasi va generatordan iborat bo’lgan blokni turbogenerator deyiladi.
   Zamonaviy turbogeneratorlarning quvvati juda ulkan bo’lib, 1500 MVt (megavatt) ga, foydali ish koeffitsiyenti esa 99% ga yetadi. Biroq elektrostansiyaning foydali ish koeffitsiyenti ancha past va eng yaxshi issiqlik elektrostansiyalarida 36% ga yetadi. Bu asosan bug’ hosil qilish va ishlab bo’lgan bug’dan foydalanishdagi isroflar bilan bog’liq. Masalan, energiyaning 47% ishlab bo’lgan bug’ bilan, 8% tutun gazlari bilan chiqib ketadi, 2% o’txonada yo’qoladi, 2% elektrostansiyaning o’z ehtiyojlariga sarflanadi.
   Ishlab chiqarilgan elektr energiya yordamchi elektr stansiyaga (podstansiya) yuboriladi. U yerdan iste’molchilarga uzatiladi.
   Hozirgi paytda elektr energiyaning katta qismi issiqlik elektrostansiyalarida ishlab chiqarilmoqda. Issiqlik elektrostansiyalari, baxtga qarshi, atrof-muhitga katta zarar yetkazadi. Uni zararli gazlar bilan, chang va shlak bilan ifloslantiradi. Masalan, quvvati bir million kilovatt bo’lgan issiqlik elektrostansiyasi atmosferaga har yili 10 million tonna karbonat angidrid gazi, bir necha yuz ming tonna kul chiqaradi. Bu kul 50 km radiusdagi butun yer yuzini chang to’shagi bilan qoplaydi.


   2. Gidroelektrostansiyalar (GES). GES larda suvning mexanik energiyasi elektr energiyaga aylantiriladi. GES larda sekin harakatlanuvchi generatorlarning rotorlari bilan tutashtirilgan bir necha gidravlik turbinalur o’rnatiladi.
   GES larni qurish tajribasining ko’rsatishicha, ularni tog’dagi daryolarda qurish samarali bo’lib, tekis yerlardagi daryolarda qurish ancha samarasizdir. Tekis yerlardagi GES larning kam samaradorligi dastavval shu bilan bog’liqki, to’g’onlarni qurish natijasida o’rmon, yaylov va dalalarning katta maydonlari suv ostida qoladi. Tabiatga ham katta zarar yetkaziladi. Chunki juda ko’p ko’lmaklar va sayoz ko’lchalar paydo bo’lib, turib qolgan suvlarda suv o’tlari avj oladi va tirik jonzotlar halok bo’ladi. Bundan tashqari, baliqlarning tuxum qo’yadigan joylargacha bo’lgan biologik yo’llari buziladi. Natijada GES lar quriladigan daryolar baliq yetishtirish uchun yaroqsiz bo’lib qoladi.
   GES larda eng arzon elektr energiya ishlab chiqariladi. Lekin to’g’onlar qurilishining atrof-muhitga (ayniqsa, tekislikdagi daryolarga qurish) zararli ta’siri bilan bog’liq bo’lgan isroflar ularni pirovard natijada kam istiqbolli qiladi.


   3. Atom elektr stansiyalari (AES). 1954- yildan boshlab butun jahonda atom elektr stansiyalari qurila boshlandi. AES - mohiyati jihatidan issiqlik elektr stansiyasidir. Lekin bu elektr stansiyada organik yoqilg’i o’rniga atom (uran) “yoqilg’i” ishlatiladi. AES ning qolgan qismlari xuddi issiqlik elektr stansiyaning tuzilishiga o’xshaydi.
   To’g’ri foydalanilganda AES iqtisodiy jihatdan samarali bo’ladi, amalda atrof-muhitni ifloslantirmaydi va shu jihatdan “toza” hisoblanadi. Lekin xavfsiz foydalanish uchun AES lar o’ta himoyalangan bo’lish bilan bir qatorda, yuqori malakali mutaxassislar tomonidan boshqarilishi kerak.


   4. Shamol elektr stansiyasi (SHES) - shamolning mexanik energiyasini elektr energiyaga aylantiruvchi qurilma. SHES dan, ko’pincha. shamolning o’rtacha tezligi yuqori bo’lgan (5 m/s dan katta) va markazlashtirilgan elektr ta’minot tarmoqlaridan uzoqda joylashgan joylarda elektr energiya manbai sifatida foydalanish mumkin (masalan meteorologik stansiyalarda).

 

Manba: Fizika 7-sinf o'quv qo'llanmasi
Ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 2002

Bo'lim: Fizika | Ko'rilgan: 2822 | Joyladi: akmalbayzakov | Reyting: 0.0/0

O'xshash maqolalar

Barcha izohlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *:

Ushbu sayt ucoz.ru tizimida yaratilgan.