Главная » 2017 » Aprel » 12 » Luminessensiya (люминесценция)
01:00
Luminessensiya (люминесценция)


Luminessensiya (люминесценция).  Luminessensiya  so‘zi  lotincha  luminisessent – yorug‘likning kuchsiz ta’siri ma’nosini anglatadi. Luminessensiya deb,  ba’zi moddalarning  yorug‘lik  ta’sirida  o‘ziga  xos  bo‘lgan nurlanish chiqarishiga aytiladi. Bunda modda  istalgan: qattiq,  suyuq va gaz holatida bo‘lishi mumkin. Luminessensiya  jarayonida modda o‘ziga tushayotgan yorug‘likni yutadi va, so‘ngra, tarkibi yutayotganidan farqli nurlanishni chiqaradi. Umuman olganda, luminessensiyaning ba’zi turlari oldinlari ham ma’lum bo‘lgan. Masalan, fluoressensiya –  jismni nurlatish  to‘xtatilishi bilan  to‘xtaydigan, qisqa  vaqt  ro‘y  beradigan  nurlanish  (nurlanish  vaqti  10-8  s)  va fosforessensiya – nurlatish  to‘xtatilgandan keyin ham ma’lum vaqt davom etadigan nurlanish (nurlanish vaqti 10-8  s dan katta). Lekin nurlanishning qanday  ro‘y berishi  to‘g‘risidagi  ilmiy  tushuncha mavjud bo‘lmay, u qanday vujudga keladi va bir-biridan nimasi bilan farq qiladi, degan savollarga aniq javoblar yo‘q edi.
Luminessensiyaning ro‘y berishi. Luminessensiya qonunlarini izlash turli xil empirik qoidalarning yaratilishiga ham olib kelgan.
Bulardan biri G.Stoks qonuni bo‘lib, tajriba natijalari ba’zida bu qonun bilan mos kelmagan.
Luminessensiya  jarayonini ham  tajribada, ham nazariy  ravishda batafsil  o‘rganib  chiqqan  rus  fizigi  S.I.Vavilov  (1891–1951) bu  jarayonning haqiqiy qonunlarini yaratishga muyassar bo‘ldi.
Bu qonunlar nafaqat  luminessensiya nazariyasining asosi bo‘lib qolmay, uning texnikada keng qo‘llanilishiga ham olib keldi.
Luminessensiya  deb,  berilgan  temperaturada  issiqlik  nurlanishidan ortiqcha energiya hisobiga  ro‘y beradigan nurlanishga aytiladi.
Boshqacha aytganda, moddaga tushgan foton yutiladi. Uning bir qism energiyasi atomning tebranish energiyasiga, ya’ni issiqlik energiyasiga sarflansa, qolgan qismi luminessension nurlanishga sarflanadi.
Luminessensiya ro‘y beradigan moddalar luminoforlar  deyiladi.
Luminessensiyaning qo‘llanilishi. Vavilov  simobli  lampalarning ultrabinafsha nurlanishidan luminoforlar yordamida ko‘zga ko‘rinuvchi yorug‘lik hosil qilishni  taklif qildi. Natijada u kunduzgi yorug‘likka  o‘xshash  yoritish  qobiliyatiga  ega  luminessension lampalarni yaratdi. Past bosimli, simob bug‘lari bilan to‘ldirilgan bunday  lampalar  devorlariga  turli  xil  luminoforlar  qatlamini surtish  bilan  istalgan  rangdagi  yorug‘likni hosil qilish mumkin.
Bunday lampalarning  foydali  ish koeffitsiyenti  juda yuqori, xizmat qilish davri ham ancha uzoq. Shuning uchun, bunday lampalar ko‘chalarni, zavod va fabrikalarni, ta’lim muassasalarini, do‘konlarni va boshqa  joylarni yoritishda va bezatishda  juda keng qo‘llaniladi.
Luminessensiya moddalarni analiz qilishda ham qo‘llaniladi.
Bu usul luminessension analiz deyiladi. Masalan, modda tarkibida juda kam miqdorda luminofor mavjud bo‘lsa ham, uni aniqlash mumkin. Neft qazuvchilar chuqurdan olingan tuproqni luminessension  analiz  yordamida  o‘rganib,  neft  qatlamigacha  qolgan masofani va hattoki neft zaxirasining miqdorini ham aniqlashadi.
Bu usul yordamida shishalarning navi aniqlanadi, biologik obyektlar o‘rganiladi.

 

Manba: Fizika o'quv darsligi, 2-qism, 6-nashri
«O‘QITUVCHI» NASHRIYOT-MATBAA  IJODIY UYI
TOSHKENT–2008

Bo'lim: Fizika | Ko'rilgan: 1917 | Joyladi: akmalbayzakov | Teglar: yorug‘lik | Reyting: 0.0/0

O'xshash maqolalar

Barcha izohlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *:

Ushbu sayt ucoz.ru tizimida yaratilgan.