Главная » 2017 » Oktabr » 17 » Elektr kuchlanish
21:47
Elektr kuchlanish

Siz avvalgi mavzudan metall o'tkazgichlardagi elektr toki erkin elektronlarning elektr maydon ta'siridagi tartibli harakati ekanini bilib oldingiz. Elektr maydon elektronlarning xaotik harakatiga tartibli harakat qo'shadi. Natijada ular manbaning manfiy qutbidan musbat qutbiga qarab harakat qiladi.

Bundan tashqari, erkin elektronlar o'tkazgich bo'ylab harakat qilishida ish bajarishini ham bilib oldingiz. Ammo ish bajarish uchun energiya kerak, bu energiyani elektronlarga elektr maydon beradi.

Aytilganlar elektr maydon elektr tokining paydo bo'lishiga sababchi bo'lishidan dalolat beradi. Elektr maydonni qanday xarakterlash mumkin? Buning uchun maxsus kattalik kiritish zarur.

Kuchlanish. Tok manbaiga ikkita har xil L1 va L2 lampachalarni ulaymiz (40-rasm). K kalitni ulab (fizikada zanjirni ulash uchun ishlatiladigan qurilma kalit deyiladi), lampachalar yonganini ko'ramiz. Biroq lampachalar turli ravshanlikda yonadilar. L1 lampacha xira, L2 lampacha esa ravshan yonadi. Lampachalarning turli ravshanlikda yonishi elektr maydonning L1 yoki L2 lampachalarda turlicha “ishlashidan” dalolat beradi.

Zanjirning biror qismidan 1 Kl zaryad o'tganda zanjirning berilgan qismida bajarilgan ishga teng bo'lgan kattalik zanjirning shu qismidagi kuchlanishi deb ataladi.

Kuchlanishni U harfi bilan, ishni A harfi bilan, zaryadni esa Q harfi bilan belgilash qabul qilingan. Bu belgilashlardan foydalanib, kuchlanishni matematik jihatdan bunday ifodalash mumkin:

U = A / Q

Bu formulada A – zanjirdan Q zaryad o'tganda zanjirning berilgan qismida bajariladigan ish. Kuchlanish birligi qilib 1 volt (1 V) qabul qilingan.

[U] = 1 V

Bu nom uzoq ishlaydigan birinchi tok manbaini ixtiro qilgan italiyalik olim Alessadro Volta sharafiga berilgan.

Kuchlanishni o'lchash uchun maxsus asboblar - voltmetrlar mavjud. Sizga yaxshi tanish bo'lgan elektroskopning shkalasi voltlarda darajalansa, undan voltmetr sifatida ham foydalanish mumkin. Bunday voltmetr elektrostatik voltmetr deb ataladi. Kuchlanishni o'lchash uchun voltmetrni zanjirning kuchlanishi aniqlanishi kerak bo'lgan qismiga ulanadi. Sxemalarda voltmetr 41-rasmda ko'rsatilgandek belgilanadi.

Tokning kimyoviy manbalari. Texnikada tokning kimyoviy manbalari keng qo'llanilmoqda. Bunday manbalardan foydalanib ishlaydigan va turmushda qo'llaniladigan texnik asboblardan ba'zilarinigina sanab o'tamiz: ko’chma radiopriyomniklar va magnitofonlar, qo'l soatlari va cho'ntak fonarchalar, yaxshi eshitmaydigan odamlar uchun eshitish asboblari, bolalar uchun elektrlashtirilgan o'yinchoqlar va boshqalar.

Eng ko'p tarqalgan galvanik elementning tuzilishini qarab chiqamiz (42-a, b rasm).

Element ruxdan yasalgan silindrsimon idish R dan iborat bo'lib, uning ichida ko'mir sterjen K joylashgan. Bu sterjen maxsus tanlab olingan moddalar aralashmasi (marganets dioksidi - MnO2, grafit, asetilen kuyasi) bo'lgan xaltacha X bilan o'ralgan. Rux silindr bilan xaltacha orasiga novshadilga qorilgan quyuq eritma – elektrolit E quyiladi. Rux idish ichidagi narsalari bilan karton silindrcha solingan va ustidan smola qatlami S quyilgan. Rux eriganda elektrolit manfiy elektrlanadi, xaltachadagi modda esa musbat elektrlanadi. Ko'mir sterjen ham musbat elektrlanadi. Yangi galvanik elementining rux va ko'mir elektrodlari orasidagi kuchlanish 1,5 V, lekin element ishlatilgani sari kuchlanish 1 V gacha kamayadi.

Elementlarni batareyaga ulash. Bitta element beradigan kuchlanishdan kattaroq kuchlanish olish uchun bir nechta elementlar ketma-ket batareya qilib ulanadi. Bunda birinchi elementning ko'mir elektrodi ikkinchi elementning rux elektrodi bilan ulanadi va hokazo. 43-rasmda cho'ntak fonari batareyasi elementlarini o'zaro ulash ko'rsatilgan. Elementlarni batareyaga bunday ulashda batareyaning umumiy kuchlanishi har bir elementdan alohida olingan kuchlanishlar yig'indisiga teng bo'ladi.

 

Manba: Fizika 7-sinf o'quv qo'llanmasi
Ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 2002

 

Bo'lim: Fizika | Ko'rilgan: 5216 | Joyladi: akmalbayzakov | Reyting: 0.0/0

O'xshash maqolalar

Barcha izohlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *:

Ushbu sayt ucoz.ru tizimida yaratilgan.