Главная » 2017 » Oktabr » 19 » Elektr asboblar bilan ishlashda xavfsizlik choralari
23:35
Elektr asboblar bilan ishlashda xavfsizlik choralari

Elektr asboblar bilan ishlashda xavfsizlik choralariga qat'iy va so'zsiz rioya qilish kerak. Agar shunday qilinmasa, hayotingiz xavf ostida qoladi. Dastavval elektr xavfi bor manbalarni bilish kerak.

Elektr xavfi manbalari. Inson tanasi o'tkazgichdir. Agar odam tasodifan o'z tanasini tarmoqqa “ulasa”, og'ir shikastlanadi va hatto halok bo'ladi.

Odam tarmoqqa qanday qilib ulanib qolishi mumkin?

1- misol. Yaxshi izolyatsiyalovchi asosda (masalan, quruq yog'och polda) turgan odam kuchlanish ostida bo'lgan ikkita ochiq simga bir vaqtda tegib ketdi deylik (68- a rasm). Bu holda tok odam tanasi, uning yuragi va o'pkasi orqali bir qo'lidan ikkinchisiga o'tadi. Bu yurak va o'pka faoliyatining buzilishiga olib keladi. O'tkazgichlar orasidagi kuchlanish 36 V dan yuqori bo'lganda (agar tokni tez uzish choralari ko'rilmasa) tok urishi ko'pchilik hollarda o'limga olib keladi.

2- misol. Yaxshi izolyatsiyalovchi polda turgan odam kuchlanishli ochiq simga va yerga tutashgan metall buyumga, masalan, suv bilan isitish batareyasiga yoki suvquvur jo'mragiga bir vaqtda tegib ketdi (68- b rasm). Bu holda tok qo'ldan yurak va o'pka orqali ikkinchi qo'lga o'tadi. Natija birinchi holdagidek bo'ladi: tarmoqning kuchlanishi 36 V dan yuqori bo'lganda, tok tezda uzilmasa, o'limga olib kelishi mumkin.

3- misol. Yaxshi o'tkazuvchi asosda, masalan, nam yerda yoki beton polda turgan odam kuchlanish ostida bo'lgan ochiq simga tegib ketdi deylik (68- d rasm). Tok odamning simga tekkan joyidan boshlab, yurak va o'pka orqali oyoqqa qarab o'tadi. Natija yuqoridagi ikkita misoldagiga o'xshash bo'ladi. Shuning uchun hech qachon yerda uzilib yotgan elektr simlarga yaqinlashish kerak emas.

4- misol. Tok bilan ta'minlovchi simi korpusga tegib qolgan elektr asbobni qo'lida tutib turgan odam yerga ulangan buyumga tegib ketsa (69- a. b, d rasmlar), tok odam tanasi orqali yerga o'tadi. Bu holda ham odam qattiq shikastlanishi yoki halok bo'lishi mumkin.

Xulosa chiqaramiz.

1. Kuchlanish ostidagi ikkita ochiq simga bir vaqtda tegish xavflidir.

2. Kuchlanish ostida turgan bitta ochiq simga va yer bilan ulangan o'tkazuvchi buyumga bir vaqtda tegish xavflidir.

3. Buzilgan elektr asboblardan foydalanish xavflidir.

4. O'tkazuvchi asosda turgan odam uchun yerga uzilib tushgan ochiq simga yaqinlashish va tegish xavflidir.

Ba'zan bunday savol berishadi: “Nima uchun qushlar simlarga qo'nishsa ham, ularni tok urmaydi?” Ha, qushlar simlarga qo'nishadi. Lekin ulardan tok o'tmaguncha halok bo'lmaydilar. Agar ular ikkinchi simga yoki sim osilgan tayanchga tegib ketsalar, ulardan tok o'tadi va ular halok bo'ladilar. Elektr uzatish tarmoqlarini nazorat qiluvchilar tarmoq tayanchlari tagidan tok urib o'ldirgan qushlarni tez-tez topishadi.

Elektr tokidan shikastlangan kishiga birinchi yordam qanday beriladi?

Yodingizda tuting: birinchi yordam ko'rsatishda har bir soniya qimmatlidir. Odam tok ta'sirida qancha ko'p vaqt bo'lsa, uning hayotini saqlab qolish imkoniyati shuncha kam bo'ladi. Tok urishiga sabab bo'lgan simlardan yoki buyumlardan odamning o'zi deyarli qutula olmaydi. Buning sababi shundaki, elektr toki odam tanasidan o'tayotib, muskullarning tortishib qolishiga sabab bo'ladi. Odamning o'zi simlardan yana shuning uchun ham qutula olmaydiki, elektr toki markaziy asab sistemasini tez shikastlaydi va odam hushidan ketadi.

Odamni qutqarish uchun qilinadigan birinchi ish - uning tok o'tkazuvchi simlar bilan kontaktini uzishdir. Agar falokat o'chirgich yoki shtepsel bor bo'lgan xonada (agar shikastlanish shtepsel rozetkali zanjirda) ro'y bergan bo'lsa, tokni o'chirgich bilan uzish yoki shtepsel vilkasini sug'urib olish kerak. Agar fojia o'chirgich bo'lmagan joyda yuz bergan bo'lsa, u holda elektr hisoblagichning saqlagichlarini tezda burab olish kerak.

O'chirgich juda uzoqda joylashgan hollarda, masalan 70- rasmda tasvirlangan hollarda jabrlanuvchini simlardan uzoqlashtirish (70- a rasm), yoki quruq tayoq bilan simni odamdan olib tashlash (70- b rasm), yoxud simni dastasi yaxshi izolyatsiyalangan pichoq yoki ombur bilan kesib tashlash kerak.

Tokka ulangan simlar yoki buyumlarga tegib turgan jabrlanuvchining o'zi ham elektr tokini o'tkazuvchi ekanini yoddan chiqarmaslik zarur. Shuning uchun ehtiyotkorlik choralarini ko'rish kerak. Jabrlanuvchini simlardan kiyimining uchidan bir qo'l bilan ushlab tortish kerak. Qutqarayotganda tok o'tkazuvchi, shuningdek, yer bilan ulangan buyumlarga hech ham tegmaslik kerak. Agar baxtsizlik hovlida yoki nam xonada yuz bergan bo'lsa, u holda qutqaruvchining oyog'i ostiga izolyatsiyalovchi buyum, masalan, quruq taxta yoki rezina gilamcha (juda bo'lmaganda o'ralgan quruq kiyim) tashlash zarur.

Shikastlangan odamni tokdan ajratgach, uni darhol chalqanchasiga yotqizish, nafas olishni qiyinlashtiruvchi kiyimlarini yechish, shifokorni chaqirish, yoki jabrlangan odamni zudlik bilan davolash muassasasiga olib borish zarur.

 

Manba: Fizika 7-sinf o'quv qo'llanmasi
Ibn Sino nomidagi tibbiyot nashriyoti, 2002

Bo'lim: Fizika | Ko'rilgan: 6269 | Joyladi: akmalbayzakov | Reyting: 0.0/0

O'xshash maqolalar

Barcha izohlar: 0
Имя *:
Email *:
Код *:

Ushbu sayt ucoz.ru tizimida yaratilgan.